Toshkent davlat texnika universiteti va Yaponiyaning Nagoya universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining tashabbusi bilan Oʻzbekistonga 2018 yil 28-31 avgustda Yaponiyaning Nagoya universiteti prezidenti Matsuo Seyiti boshchiligida yaponiya delegatsiyasi, shuningdek, Nobel mukofoti laureati, professor R.Noyorining tashrifi davom etmoqda.

Bugun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida Nagoya davlat universiteti delegatsiyasi aʼzolari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Nagoya universiteti prezidenti Matsuo Seyiti hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov ishtirok etdi.

Muzokaralarda ikki davlat oʻrtasida ilm-fan sohasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni Yaponiyaning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalarida stajirovkadan oʻtkazish va malakasini oshirishni tashkil etish, qoʻshma ilmiy hamkorlik va talabalar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Toshkent davlat texnika universiteti va Yaponiyaning Nagoya universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum doirasida oʻzbekistonlik iqtidorli talabalarni Nagoya universitetida bepul oʻqitish boʻyicha Nagoya universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti oʻrtasida oʻzaro kelishuvga erishildi.

Manba: Axborot xizmati

30.08.2018