O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev nomidan G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti rektori V.I.Grishinga “Do‘stlik” ordeni tantanali ravishda topshirildi.

Joriy yilning 19-21 fevral kunlari Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari M.Karimov Moskva shahridagi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining 110 yillik yubileyida ishtirok etdi.

Yubiley tadbiri universitet rektorat binosining katta anjumanlar zalida 2017 yilning 21 fevral kuni soat 10-00da boshlandi va unda universitet ilmiy kengashi a’zolari, taklif etilgan mahalliy va xorijiy mehmonlar hamda O‘zbekiston tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari M.Karimov O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi muxtor elchisi B.Ashrafxonov va G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori Q.Abduraxmonov ishtirok etdilar.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston-Rossiyaning ta’lim sohasidagi hamkorligini rivojlantirishda ikki davlat oliy ta’lim muassasalari aloqalarini kengaytirishdagi hamda respublikamizning iqtisodiy va moliya sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashdagi ulkan hissasi, shuningdek, universitet tashkil topganining 110 yillik yubileyi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 fevraldagi “V.I.Grishinni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlash haqida”gi PF-4959-sonli farmoni va tabrigi o‘qib eshittirildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari M.Karimov G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti rektori V.I.Grishinga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev nomidan “Do‘stlik” ordeni va qimmatbaho sovg‘alarni tantanali ravishda topshirdi. Shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi muxtor elchisi B.Ashrafxonov va G.-V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori Q.Abduraxmonov V.I.Grishinni tabriklab so‘zga chiqdilar.

Tadbir davomida universitet rektori V.I.Grishin ushbu yuksak mukofotni nafaqat o‘ziga, balki barcha universitet jamoasi a’zolariga topshirilgan mukofot sifatida qabul qilishini ta’kidlab, O‘zbekiston Hukumati tomonidan bildirilgan ushbu e’tibor va hurmat uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi hamda kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida samarali xizmat qilishini qayd etdi.

Manba: Axborot xizmati

22.02.2017